Yangiliklarga qaytish
Viza siyosati

Soliq va viza

8/10/2026

Soliq va viza

Oxirgi vaqtlarda ko‘plab o‘quvchilar va talabalar vizaga hujjat topshirishda bir xil muammoga duch kelishmoqda: hujjatlar mutlaqo qonuniy, davlat bazalarida (soliq.uz) ko‘rinadi, lekin elchixona baribir rad javobini beryapti. Ayniqsa, rasman ishlamaydigan ota-onalarga oxirgi 12 oy uchun soliq sayti orqali "pereotchot" (daromad va soliq deklaratsiyasi) qildirib, oylik daromad ko‘rsatish usulidan foydalanayotganlar orasida bu holat juda ko‘p kuzatilyapti.

Xo‘sh, hujjat haqiqiy bo‘lsa, elchixona nega rad beryapti? Asosiy shubha nimada?

1. Mehnat daftarchasi va "birdan paydo bo‘lgan" 1 yillik staj: Soliq saytidan 12 oylik ish haqini orqaga surib (pereotchot bilan) ko‘rsatganingizda, avtomatik ravishda my.mehnat.uz (Elektron mehnat daftarchasi) tizimida ham ota-onangizning ish staji birdaniga 1 yilga uzayib qoladi. Yillar davomida rasman hech qayerda ishlamagan insonning aynan viza topshirish arafasida birdaniga 1 yillik stajga ega bo‘lib qolishi konsullarda katta shubha uyg‘otadi.

2. Moliya va bank harakatlarining mos kelmasligi: Elchixona faqat soliq ma’lumotnomasiga emas, bank kartasi ko‘chirmasi (vypiska) va INPS ajratmalariga ham qaraydi. Real maoshda har oy bank kartasiga pul tushadi va soliqlar o‘z vaqtida to‘lanadi. Pereotchotda esa 12 oylik soliq bir vaqtning o‘zida to‘lanib, bank kartasida 12 oy davomida tushgan maoshlarning real harakati ko‘rinmaydi.

3. "Soxta daromad" effekti va ishonchsizlik: Elchixona uchun hujjatning bazada borligi yetarli emas, ular uchun eng muhim mezon — arizachining halolligi va moliyaviy barqarorligi (Genuine Applicant). Agar konsul daromad manbayi sun’iy tiklanganini payqasa, buni soxtalashtirishga urinish deb baholaydi va viza 214(b) moddasi ("moliyaviy manba ishonchsiz") bo‘yicha rad etiladi.

Nima qilish kerak?

 Sun’iy sxemalardan qoching: Viza topshirishga 1-2 oy qolganda 1 yillik daromadni ketma-ket tiklash xavfli.

 Real daromad manbalarini ko‘rsating: Ota-onangiz rasmiy ishlamasa, o‘zini o‘zi band qilish reestri, chorvachilik, dehqonchilik yoki ijara daromadlarini tegishli hujjatlar (mol-mulk guvohnomalari, shartnomalar, kadastr hujjatlari) bilan isbotlang.

 Muntazamlikni ta’minlang: Moliyaviy hujjatlar va bank kartasidagi harakatlar kamida 6-12 oy davomida tabiiy ravishda shakllangan bo‘lishi kerak.